Yangiliklar

Uzbekistan Airways talabalarga 50 foizlik chegirma e’lon qildi

Chegirma 2025-yil 26-dekabrdan 2026-yil 11-yanvargacha bo‘lgan parvozlar uchun
Uzbekistan Airways plane
Uzbekistan Airways talabalarga 50 foizlik chegirma e’lon qilindi / Foto: Uzbekistan Airways

Uzbekistan Airways o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydigan talabalar uchun barcha mahalliy aviaqatnovlarning ekonom-klasslariga 50 foizgacha chegirma joriy qildi.

Chegirma talabaning davlat ta’lim muassasasida o‘qiyotganini tasdiqlovchi hujjat asosida beriladi. Bunday ma’lumotnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali onlayn, o‘quv yurti orqali yoki Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazining elektron tasdiqnomasi shaklida olish mumkin.

Chegirma 2025-yil 26-dekabrdan 2026-yil 11-yanvargacha bo‘lgan parvozlar uchun amal qiladi. Bu talabalarga qishda uyga arzon va qulay narxda yetib olish imkonini beradi.

Aviachiptalarni Uzbekistan Airways Sales ofislarida, agentliklarda yoki booking.uzairways.com saytida xarid qilish mumkin. Tarifdan tashqari soliqlar va qo‘shimcha to‘lovlarga chegirma qo‘llanilmaydi.

Avvalroq talabalar uchun qishki ta’til 28-dekabrdan boshlanishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari, kasbiy ta’lim tizimi va akademik litseylar talabalari hamda o‘quvchilari 28-dekabrdan boshlab dam olishga chiqadi. Qishki ta’til 2025-yil 28-dekabrdan 2026-yil 10-yanvariga qadar, shu kuni ham davom etadi.