
Xiaomi Xitoyda Mi Home Super Energy 2HP va 3HP nomli yangi napol konditsionerlarini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ikkala model ham 115° darajali keng havo oqimini ta’minlaydi, tezkor sovitish va isitish imkoniyatiga ega: xonani 30 soniyada sovutadi, 1 daqiqada to‘liq isitadi.
Tezlik va quvvat farqi
Model o‘rtasidagi asosiy farq — havo oqimi tezligi:
- Super Energy 3HP: 1755 m³/soat;
- Super Energy 2HP: 1520 m³/soat.
Yangi konditsionerlar energiya samaradorligiga urg‘u berib yaratilgan. Ular ichiga o‘rnatilgan sun’iy intellekt algoritmi elektr sarfini 30 foizgacha kamaytiradi. Qurilmalar Xitoyda 1-toifali energiya tejamkorlik standartiga mos keladi.
Konditsionerlarni Xiaomi ilovasi orqali boshqarish mumkin. HyperOS Connect texnologiyasi qurilmalarni aqlli uy ekotizimiga bemalol ulash imkonini beradi.
Narxlariga to‘xtalsak, Mi Home Super Energy 2HP — 4600 yuan (taxminan $650), Mi Home Super Energy 3HP esa 5300 yuanga (taxminan $750) baholanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi HyperOS 3 tizimi eski modellarda ham ishlashi haqida yozgandi.