Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 7 mln yevro ajratadi

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga 2020 – 2030-yillarga mo‘ljallangan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 7 million yevro ($8,1 mln) grant ajratadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi (YI)ning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Mazkur grant YIning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ko‘rsatayotgan yirik yordam paketining bir qismi bo‘lib, umumiy qo‘llab-quvvatlash miqdori 20 million yevroni ($23,3 mln) tashkil etadi. 2023-yilda YI 6 million yevro ($6,9 mln) ajratgan, qolgan 7 million yevro ($8,1 mln) esa 2026-yilda taqdim etiladi.
«Yerdan iqtisodiy foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligi tizimini boshqarish – bu ikkala jihat ham investitsiyalarni jalb qilish, barqarorlikni ta’minlash va eksportning raqobatbardoshligini oshirish uchun, ayniqsa, JSTga qo‘shilish sharoitida juda muhimdir», – deydi Toyvo Klaar.
Avvalroq fermerlarga past stavkali kreditlar toifalarga qarab ajratilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, fermerlar orasida «intizomli boʻlish – arzon kredit» modelini shakllantirish uchun «A» kredit reytingiga ega xoʻjaliklarga 2 foizga, «B» toifadagilarga 1 foizga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish va shu orqali intizomli fermerlarning kredit yukini kamaytirish taklif qilindi.