Avto

Yil boshidan beri 112,5 ming dona Chevrolet Cobalt sotildi

Brendlar kesimida ham mahalliy ishlab chiqaruvchi yetakchilikni to‘liq qo‘lga olgan
Foto: OLX

2025-yil yanvar-noyabr oylarida 112 530 dona Chevrolet Cobalt avtomobili xarid qilingan. Bu haqda «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmati xabar bermoqda. 2024-yil yanvar–noyabr yakunlariga ko‘ra, savdo 120 499 donaga yetgan edi.

Ikkinchi o‘rinni Chevrolet Damas egalladi. 2025-yilda 97 770 dona sotilgan bo‘lsa, 2024-yilda ko‘rsatkich 96 085 donani tashkil etdi. Uchinchi o‘rinda Chevrolet Tracker joylashdi. Zamonaviy dizayn va xavfsizlik texnologiyalari bilan jihozlangan krossoverdan 41 159 dona sotildi.

To‘rtinchi o‘rinni Chevrolet Labo modeli egallagan. 33 169 dona sotilgan ushbu ixcham yuk avtomobili kichik savdo va qurilish sohalarida eng talabgir transport bo‘lib qolmoqda. Beshinchi pog‘onani esa Chevrolet Onix egallab, 29 197 dona savdo natijasi qayd etdi.

Keyingi o‘rinlarda Chevrolet Sownet — 17 074 dona, xitoy brendlari orasida yetakchilik qilayotgan BYD Song Plus DM-i Champion — 6 469 dona, Geely Yuan Up — 5 376 dona va BYD Chazor Champion — 4 484 dona bilan ajralib turdi. Shuningdek, Chery Arrizo 6 Pro — 3 401 dona, Chery Tiggo 7 Pro — 3 392 dona, BYD Song Pro DM-i Champion — 2 617 dona savdo ko‘rsatkichlariga erishdi.

Brendlar kesimida ham mahalliy ishlab chiqaruvchi yetakchilikni to‘liq qo‘lga olgan. Chevrolet markasidagi avtomobillar sotuv bo‘yicha katta ustunlik bilan birinchi o‘rinda turib, 315 830 dona realizatsiya qilindi. Ikkinchi pog‘onadan KIA — 22 882 dona, uchinchidan BYD — 21 236 dona joy oldi. To‘rtinchi o‘rinda Chery — 9 888 dona, beshinchi o‘rinda esa Haval — 7 734 dona bilan qayd etildi. Pastroq natijalarni Hyundai — 930 dona va Isuzu D-Max — 400 dona ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari haqida yozgan edi.