2025-yil oxirigacha global savdo hajmi 35 trillion dollardan oshishi kutilmoqda — BMT

eʼlon qilindi
2026-yilda global savdo hajmi sezilarli darajada pasayishi mumkin
2025-yilda jahon savdosi o‘sadi, biroq 2026-yilda pasayish ehtimoli yuqori
Foto: Reuters

BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) 2025-yil uchun global savdo bo‘yicha so‘nggi prognozini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, agar hozirgi sur’atlar saqlansa, jahon savdosi ilk bor $35 trilliondan oshadi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb $2,2 trillionga (7%) ko‘p.

UNCTAD ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilgi o‘sishda eng katta hissa Sharqiy Osiyo va Afrika davlatlari savdosining kengayishi, AQSh importining barqaror yuqori darajada qolishi orqali ta’minlanmoqda. Xitoy importi esa past sur’atda davom etmoqda.

O‘sishning $2,2 trillionlik qismidan $1,5 trillioni – tovarlar savdosiga (6% o‘sish), $750 milliardi xizmatlar savdosiga (9% o‘sish) to‘g‘ri keladi.

UNCTAD global savdo yil davomida oshib borganini, biroq geosiyosiy keskinliklar, yuqori xarajatlar va nomutanosib talab tufayli o‘sish sur’atlari biroz sekinlashganini ta’kidladi.

2026-yil prognozi: sustlashuv kutilmoqda

2026-yilda global savdo hajmi sezilarli darajada pasayishi mumkin. UNCTADga ko‘ra, bunga quyidagilar sabab bo‘ladi:

  • global iqtisodiy faollikning pasayishi;
  • davlatlarning qarzdorligi ortishi;
  • savdo xarajatlari ko‘tarilishi;
  • geosiyosiy beqarorlikning davom etishi.

Prognozlarga qaraganda, savdo hajmi 2025-yildagi 2,4% o‘sishdan 2026-yilda atigi 0,5 foizgacha tushishi mumkin.

Shuningdek, SI bilan bog‘liq elektronika ishlab chiqarishi va savdosi so‘nggi 12 oyda 10 foizga oshgan. Aksincha, avtomobil savdosi 4 foizga kamaygan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh tariflari global ishlab chiqarishga bosim o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek