
Xitoy sifat assotsiatsiyasi (CQA) 2025-yilgi gibrid va elektromobillar bo‘yicha yillik reytingni e’lon qildi. Bu haqda «Kitayskie avtomobili» nashri xabar bermoqda.
Umumiy qoniqish indeksi bozor bo‘yicha 100 balldan 80 ballni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 2 ballga yuqori. Eng katta ijobiy o‘sish infotizimlar segmentida qayd etilgan. Bu yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlar bir yil ichida 16 ballga oshgan.
Shu bilan birga, nosozliklar soni ham ko‘paygan. Har 100 avtomobilga o‘rtacha 109 ta muammo to‘g‘ri kelmoqda, eng ko‘p shikoyatlar esa asboblar paneli va haydovchi yordamchi tizimlariga tegishli.
Reytingda yagona mutlaq yetakchi sifatida faqat bitta model ko‘rsatildi. Aito M9 gibrid krossoveri birinchi o‘rinni egalladi.

Ikkinchi pog‘onani bir nechta mashhur modellar bo‘lishdi: Zeekr 001, Xiaomi SU7 va boshqalar.
Uchinchi o‘rinda Li Auto L7, Aito M5 va M7 gibridlari, Voyah Dream EV hamda Tank 400 va Tank 500 gibrid yo‘ltanlamaslari qayd etildi. To‘rtinchi guruhda esa Geely EX2 (Belarusda ishlab chiqariladi), Ora 03, Geely EX5, Geely EX5 EM-i (Rossiyada taqdim etilgan), Aito M5 EV, Avatr 07 EREV va Wey 07 o‘rin oldi.
Reytingning eng past qismida esa uch model joylashdi: Voyah Free, Neta L EV va Baojun Yunhai PHEV. Bu avtomobillar yettinchi o‘rinni bo‘lishgan. Hisobotda bunday past baholarning sabablari batafsil ko‘rsatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xitoy elektromobillarining zaif tomonlari haqida yozgan edi.