2026-yil uchun moliyaviy reja tuzishning beshta oddiy usuli

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan to‘g‘ri yondashuv bilan 2026-yil moliyaviy rejasini tuzishda yordam beradi
2026-yil uchun moliyaviy reja tuzishning beshta oddiy usuli
2026-yil uchun moliyaviy reja tuzishning beshta oddiy usuli / Foto: 5 SFER

Kelayotgan yil uchun moliyani boshqarish rejasini tuzish eng muhim qadamlardan biri. Yaxshi moliyaviy reja xarajatlarni nazorat qilish, jamg‘armani shakllantirish, qarzlardan qutulish va yirik maqsadlarni amalga oshirish imkonini beradi. Eng asosiysi bu jarayon murakkab bo‘lishi shart emas. Kursiv Uzbekistan to‘g‘ri yondashuv bilan 2026-yil moliyaviy rejasini tuzishda yordam beradi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Daromadlar va xarajatlarni aniq hisoblash

Daromadlar va xarajatlarni aniq hisoblash / Foto: depositphotos

Moliyaviy reja tuzishning dastlabki bosqichi moliyaviy holatni aniq bilib olish. Buning uchun avvalo qaysi manbadan qancha mablag‘ kelayotgani aniqlanib, oylik daromadlar to‘liq hisoblanadi. Shundan keyin doimiy xarajatlar, ya’ni ijara, kommunal to‘lovlar, kredit kabi har oy takrorlanadigan majburiyatlar alohida qayd etilishi zarur.

Ovqatlanish, transport, turli xizmatlar va kichik xaridlar kabi o‘zgaruvchan xarajatlar bir oy davomida yozib borilganda yanada ravshan ko‘rinadi. Avvaldan bu kabi xarajatlar yozib borilmagan bo‘lsa, sinov tariqasida hozirdan boshlab bir oylik xarajatlarni doimiy qayd etib borish mumkin. Aynan shu jarayonda keraksiz yoki ortiqcha to‘lovlar ko‘zga tashlanadi va budjetdagi asosiy «teshiklar» aniqlanadi. Mablag‘ning qayerga sarflanayotganini tushunish esa keyingi barcha moliyaviy rejalarning poydevorini yaratadi.

2026-yil uchun aniq moliyaviy maqsadlarni belgilash

2026-yil uchun aniq moliyaviy maqsadlarni belgilash
2026-yil uchun aniq moliyaviy maqsadlarni belgilash / Foto: depositphotos

Rejasiz moliya xuddi maqsadsiz harakatga o‘xshaydi. Shuning uchun yangi yil boshlanishidan oldin inson o‘z oldiga aniq va o‘lchab bo‘ladigan moliyaviy maqsadlar qo‘yishi juda muhim. Maqsadlar asosan uch turga bo‘linadi:

  • Qisqa muddatli: 3–6 oy;
  • O‘rta muddatli: 6–18 oy;
  • Uzoq muddatli: 2 yil va undan ortiq.

Qisqa muddatli maqsadlar odatda 3–6 oy ichida amalga oshiriladigan ma’lum miqdorda jamg‘arma to‘plash yoki kichik xaridlarni moliyalashtirish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi. O‘rta muddatli maqsadlar davrida yangi telefon, maishiy texnika yoki muhim xizmatlar uchun mablag‘ yig‘ish rejalashtiriladi. Uzoq muddatli maqsadlarga esa ko‘pincha uy uchun dastlabki to‘lov yig‘ish, katta investitsiya qilish yoki ta’lim xarajatlarini moliyalashtirish kiradi.

Har bir maqsad muddatini holatdan kelib chiqib biroz o‘zgartirish mumkin. Ammo ular aniq belgilangan muddatga ega bo‘lishi, o‘lchanadigan natija bilan bog‘lanishi va real imkoniyatlarga mos kelishi lozim. Shunday qilinganda maqsadni moliyaviy rejaga qo‘shish yengillashadi va uning bajarilishi ancha samarali bo‘ladi.

50/30/20 qoidasi nima va undan qanday foydalaniladi

50/30/20 qoidasi nima va undan qanday foydalaniladi
50/30/20 qoidasi nima va undan qanday foydalaniladi / Foto: depositphotos

50/30/20 qoidasi dunyo bo‘yicha eng sodda, tushunarli va samarali budjet taqsimoti usullaridan biri hisoblanadi. Ushbu model odamlarning har oylik daromadini uch asosiy yo‘nalishga bo‘lib boshqarishga yordam beradi. Ta’rifi:

  • 50% — zaruriy xarajatlarga;
  • 30% — istaklarga;
  • 20% — jamg‘arma va investitsiya.

Buning mohiyati shundaki, daromadning yarmi zaruriy ehtiyojlarga, ya’ni uy-joyga to‘lovlar, oziq-ovqat, transport, kreditlar va hayot uchun majburiy bo‘lgan boshqa xarajatlar kiradi. Daromadning 30 foizi esa majburiy bo‘lmagan, ammo hayot sifati uchun muhim bo‘lgan xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Ya’ni kiyim-kechak, hordiq, restoranlar, sayohat va boshqa shunga o‘xshash xarajatlar. Qolgan 20 foiz doimiy ravishda jamg‘arma va investitsiyalar uchun ajratilishi kerak. Bu qism insonning moliyaviy xavfsizlik yostig‘ini yaratadi. Masalan, favqulodda jamg‘arma, omonatlar, uzoq muddatli investitsiyalar va kelajakdagi yirik maqsadlarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar aynan shu bo‘lim orqali shakllanadi.

Agar daromad yetarli bo‘lmasa yoki majburiy xarajatlar ko‘proq bo‘lsa, foizlar biroz o‘zgartirilishi mumkin, biroq har qanday holatda ham oylik daromadning kamida 10–20 foizini jamg‘arma sifatida ajratish tavsiya etiladi.

Favqulodda holatlar jamg‘armasini qanday yaratish kerak

Favqulodda holatlar jamg‘armasini qanday yaratish kerak
Favqulodda holatlar jamg‘armasini qanday yaratish kerak / Foto: zira.uz

Kelgusi yilda moliyaviy barqarorlikni saqlash uchun kutilmagan vaziyatlarga tayyor bo‘lish nihoyatda muhim. Hayotda turli noxush holatlar sodir bo‘lishi mumkin va ular ko‘pincha qo‘shimcha, rejalashtirilmagan xarajatlarni talab qiladi. Masalan, ish o‘rnidagi o‘zgarishlar, sog‘liq bilan bog‘liq xarajatlar, mashina yoki uy ta’miri. Shuningdek, birdan zarur bo‘lib qoladigan xaridlar insonni moliyaviy bosim ostiga qo‘yishi mumkin. Shu sababli favqulodda holatlar uchun oldindan jamg‘arma shakllantirish eng samarali himoya choralaridan biri.

Mutaxassislar bunday jamg‘armaga kamida 3–6 oylik asosiy xarajatlar miqdorida mablag‘ yig‘ishni tavsiya etadi. Bu summaning to‘liq yig‘ilmagani muammo emas, muhim jihati jamg‘armani boshlab qo‘yish. Hatto oylik daromadning besh foizini ajratib borishning o‘zi ham bir yil ichida sezilarli miqdorda mablag‘ yig‘ish imkonini beradi. Umuman olganda, favqulodda holatlar jamg‘armasi nafaqat kutilmagan xarajatlarni qoplashga yordam beradi, balki insonning ichki xotirjamligini ham ta’minlaydi.

Daromad manbalarini qanday ko‘paytirish mumkin

Moliyaviy reja tuzish faqatgina mablag‘ni tejash yoki xarajatlarni qisqartirish bilan cheklanmaydi. U daromadlarni oshirish imkoniyatlarini ham o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda qo‘shimcha daromad topishning ko‘plab qulay va moslashuvchan yo‘llari mavjud. Masofaviy ishlar va frilanserlik so‘nggi yillarda juda ommalashdi. Masalan, inson o‘z ko‘nikmalari orqali tarjima, dizayn, dasturlash, kontent yaratish yoki boshqa xizmatlarni internet orqali taklif qilib, qo‘shimcha pul ishlashi mumkin.

Shuningdek, onlayn savdo ham daromad manbalarini kengaytirishning samarali yo‘llaridan biri. Kichik biznesni internet do‘konlari, ijtimoiy tarmoqlar yoki marketpleys platformalar orqali boshlash ancha oson. Bundan tashqari, investitsiya imkoniyatlari ham daromadni oshirishning barqaror usullaridan biri. Aksiyalar, obligatsiyalar, depozitlar yoki boshqa moliyaviy instrumentlar vaqt o‘tishi bilan qo‘shimcha daromad olib kelishi mumkin.

Daromad manbalari qanchalik ko‘p bo‘lsa, insonning moliyaviy xavfsizligi shunchalik kuchli bo‘ladi. Shu sababli 2026-yilni yangi ko‘nikma o‘rganish, qo‘shimcha ishni sinab ko‘rish yoki kichik biznes boshlash orqali yangi professional yo‘nalish bilan boshlash eng to‘g‘ri qarorlardan biri bo‘lib qoladi.

Moliyaviy reja tuzish to‘g‘ri tartib va oddiy qoidalarga amal qilinsa unchalik murakkab jarayon emas. Eng muhimi, rejani qog‘ozga tushirib, unga muntazam amal qilish. Shunda har bir oyda xarajatlar yuqori, daromad esa juda kamligining oldini olish mumkin bo‘ladi.

Bundan avval Kursiv Uzbekistan dekabr va yanvar xarajatlarini kamaytirishning besh samarali usuli haqida yozgandi.

Shuningdek