2026-yilda Coca-Cola’ga yangi bosh direktor tayinlanadi

eʼlon qilindi
2026-yil 31-martdan boshlab
Foto: TKKKurikawa/Depositphotos

Coca-Cola kompaniyasi bosh operatsion direktori Henrik Braun 2026-yil 31-martdan boshlab kompaniyaning yangi bosh direktori bo‘lishi ma’lum qilindi. Bu haqda CNBC nashri xabar berdi.

Henrik Braun / Foto: The Coca-Cola Company

U 2017-yildan beri kompaniyani boshqarib kelayotgan Jeyms Kuinsi o‘rnini egallaydi. Kuinsi esa Coca-Cola’ning direktorlar kengashi ijrochi raisi sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Braunning vazifasi global bozorlar bo‘yicha yangi o‘sish yo‘nalishlarini aniqlash, iste’molchilar ehtiyojiga mos mahsulotlar yaratish hamda texnologiyalarni samarali qo‘llashga qaratiladi.

Braun va Kuinsi — kompaniyada faoliyat tarixi

Henrik Braun Coca-Cola tarkibiga 1996-yilda qo‘shilgan. U 2025-yil boshida bosh operatsion direktor lavozimiga tayinlangan edi.

Jeyms Kuinsi / Foto: CNBC

Jeyms Kuinsi ham 1996-yilda kompaniyaga kirgan bo‘lib, 2017-yildan buyon bosh direktor sifatida bir necha muhim jarayonlarga rahbarlik qildi:

  • butilkalarni qayta franchayz qilish dasturi;
  • COVID-19 pandemiyasidagi strategiya;
  • sog‘lomroq ichimliklar yo‘nalishiga o‘tish.

Bozordagi vaziyat

Coca-Cola gazli ichimliklarga talab pasayganiga qaramay, premium brendlar – Smartwater va Fairlife kabi mahsulotlar hisobiga o‘sishni saqlab qolmoqda. Arzonroq va kichikroq hajmdagi mahsulotlar esa kam daromadli xaridorlarni qaytarishga mo‘ljallangan.

Kompaniya alohida segmentlarda PepsiCo’dan ustunlikka erishmoqda: Coca-Cola brendi AQShda eng ko‘p sotiladigan gazli ichimlik bo‘lib qolmoqda, Sprite esa Pepsi’ni ortda qoldirib, mamlakatda uchinchi o‘ringa chiqqan.

Aksiyalar bozoridagi holat

Yangilikdan so‘ng kompaniya aksiyalari o‘zgarishsiz qoldi. Bu yil Coca-Cola aksiyalari 13 foizga oshgan, Pepsi aksiyalari esa 1 foizdan ko‘proq pasaygan.

Hozirda Coca-Cola’ning bozordagi qiymati $300 mlrddan ortiq, bu ko‘rsatkichi bilan Pepsi’ning taxminan $200 mlrdlik kapitallashuvini sezilarli darajada ortda qoldirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Coca-Cola AQShda haqiqiy shakarqamishdan foydalanishga rozi bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek