Apple iPhone foydalanuvchilarini yangi operatsion tizimni o‘rnatishga chaqirdi

Apple kompaniyasi tez orada iOS 26.2 versiyasi chiqarilishini ma’lum qildi va barcha iPhone egalari operatsion tizimni imkon qadar tez yangilashga tayyor turishi kerakligini bildirdi. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, iOS 26.2 bir necha kun ichida taqdim etiladi. Buni yangilanishning Release Candidate 2 versiyasi paydo bo‘lganidan bilish mumkin.
Apple bu yangilanish muhim xavfsizlik xatolarini yopishni, bir nechta aniqlangan zaifliklarni bartaraf etishni o‘z ichiga olishini ta’kidladi. Kompaniya foydalanuvchilarni yangilanish chiqqach uni darhol o‘rnatishga chaqirdi.
Nashrning yozishicha, iOS 26 tizimi dunyo bo‘yicha qariyb 1 milliard iPhone’da ishlatilmoqda. Shuning uchun yangilanishni o‘tkazib yubormaslik muhim.
«Biror foydalanuvchi ikkilanmasligi kerak. Dasturiy ta’minot chiqishi bilan darhol iPhone’ni yangilang», – deya ta’kidlanadi nashrda.
Shuningdek, iOS 26.2 versiyasida mijozlarni firibgarlardan himoya qiluvchi yangi xavfsizlik funksiyalari ham bo‘lishi qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 18 ekranosti kamera bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgandi.