AQSh Federal zaxira tizimi stavkani pasaytirdi, ammo Oracle natijalari fond bozoriga salbiy ta’sir qildi

eʼlon qilindi
Bitkoin 3 foizdan ko‘proq arzonlashdi
AQSh Federal zaxira tizimi stavkani pasaytirdi, ammo Oracle natijalari fond bozoriga salbiy ta’sir qildi
AQSh Federal zaxira tizimi stavkani pasaytirdi, ammo Oracle natijalari fond bozoriga salbiy ta’sir qildi / Foto: ijtimoiy tarmoq

AQSh Federal zaxira tizimi asosiy foiz stavkasini yana 0,25 punktga tushirdi. Yangi ko‘rsatkich 3,5-3,75 foiz oralig‘ida belgilandi. Bu so‘nggi uch oy ichidagi ketma-ket uchinchi pasaytirish bo‘lib, umumiy hisobda stavka yil davomida 0,75 punktga kamaydi.

Tizim bu qarorni iqtisodiyotdagi sekinlashuv, ish o‘rinlari qisqarishi va inflyatsiya bosimi saqlanib turgani bilan izohladi. Shu bilan birga, Federal tizim 2026-yilda atigi bitta qo‘shimcha pasaytirish bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Federal zaxira tizimi stavkani pasaytirganidan keyin global aksiyalar bozorida ralli boshlandi, ammo uzoqqa bormadi. Oracle kompaniyasining kutilganidan past moliya natijalari texnologik aksiyalarga bosim o‘tkazdi va bozor kayfiyatini buzdi. Nasdaq 100 fyucherslari 1,6 foizgacha, S&P 500 fyucherslari esa 1,1 foizga pasaydi. Oracle aksiyalari AQSh savdosidan keyingi sessiyada 10 foizdan ko‘proqqa tushdi. Bitcoin ham 3 foizdan ko‘proq arzonlashdi.

Osiyoda texnologik sektordagi pasayish natijasida mintaqaviy indekslar o‘sishni yo‘qotdi. Bu Federal tizimning uchinchi bor stavka pasaytirganiga qaramay sodir bo‘ldi. Tizim boshqaruvi ichida kelishmovchiliklar kuchaygani, 2026-yilda atigi bitta qo‘shimcha pasaytirish rejalashtirilgani ham bozorlarda ehtiyotkorlikni oshirdi.

Bloomberg nashriga ko‘ra, AQSh g‘aznachilik obligatsiyalari daromadliligi tushishda davom etmoqda. Dollar indeksi barqaror, neft esa deyarli o‘zgarmadi. Kriptovalyutalarda esa pasayish kuchliroq bo‘ldi.

Hozirgi asosiy ko‘rsatkichlar:

  • S&P 500 fyucherslari: -0,8%;
  • Bitcoin: -2,7%;
  • 10 yillik AQSh obligatsiyalari daromadi: 4,12% (-0,03 p.).

Bozorlar federal tizimning ehtiyotkor prognozlari va Oracle natijalari fonida qisqa muddatda beqaror bo‘lib turishi kutilmoqda.

Avvalroq AQSh va O‘zbekiston savdo kelishuvi fond bozoriga qanday ta’sir qilishi haqida xabar berilgandi. TipRanks xabariga ko‘ra, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi savdo-iqtisodiy kelishuv fond bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, aviatsiya, infratuzilma, texnologiya va energetika sohalaridagi kompaniyalar bundan foyda ko‘rishi kutilmoqda.

Shuningdek