AQSh Venesuela qirg‘oqlarida neft tankerini qo‘lga oldi

AQSh harbiy kuchlari Venesuela qirg‘oqlari yaqinida sanksiya ostidagi yirik neft tankerini egallab oldi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Prezident Donald Tramp bu holatni shu paytgacha qo‘lga kiritilgan eng katta tanker deb atadi. Voqea ikki davlat o‘rtasidagi taranglikni yanada kuchaytirdi.
Tramp jurnalistlarga bergan izohida tanker taqdiriga oid savolga «Biz uni saqlab qolamiz, aftidan», deb javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harakat Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni iste’foga majburlash bo‘yicha bosimning bir qismi hisoblanadi.
Venesuela hukumati AQShni oshkora o‘g‘rilikda ayblab, tankerning egallab olinishi xalqaro qaroqchilik ekanini ta’kidladi.
Bu AQShning 2019-yilda joriy etgan sanksiyalari doirasida Venesuela neftini birinchi bor ochiq ushlab qolishi bo‘ldi. Shuningdek, Tramp ma’muriyati mintaqada harbiy kuchaytirishni boshlaganidan keyin Venesuela bilan bog‘liq birinchi katta operatsiya sifatida qayd etildi.
Rasmiylar qo‘lga olingan tankerning nomi va aniq joylashuvi haqida ma’lumot bermadi.
Xabarlar ortidan jahon bozorida neft narxlari ko‘tarildi: Brent nefti 0,4 foizga oshib, bir barrel uchun $62,21 ga, WTI esa 0,4 foizga ko‘tarilib, $58,46 ga yetdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Venesuela kartelini terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishi haqida yozgandi.