Tramp 1 mln dollar to‘lay oladigan chet elliklar uchun tezlashtirilgan viza dasturini ishga tushirdi

Donald Tramp rasmiy ravishda yangi immigratsiya dasturi – Trump Gold Card vizasini taqdim etdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Ushbu yo‘l orqali xorijliklar $1 mln to‘lab, yashash ruxsatini tez muddatda olishlari mumkin. Kompaniyalar esa chet ellik xodimni olib kelish uchun $2 mln to‘lab, homiy bo‘la oladi.
Tramp Oq uyda o‘tkazilgan davra suhbatida bu tashabbusni mamlakat uchun juda muhim qadam deb atadi. Yangi vizaga oid rasmiy sayt trumpcard.gov ishga tushirilib, dastur haqida batafsil ma’lumot joylashtirildi.
Saytga ko‘ra:
- $15 minglik DHS (Ichki xavfsizlik departamenti) yig‘imi to‘lanadi;
- so‘ngra ariza tasdiqlansa, $1 mln to‘lov amalga oshiriladi;
- shu orqali arizachiga ko‘p muddatda AQShda doimiy yashash huquqi beriladi.
Jarayon qancha vaqt oladi?
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hujjatlar topshirilgandan so‘ng jarayon bir necha hafta ichida yakunlanadi. Intervyu, qo‘shimcha hujjatlar va davlat bo‘limlari yig‘imlari talab qilinishi mumkin. Muvaffaqiyatli nomzodlar EB-1 yoki EB-2 toifasida doimiy rezidentlik oladi.
Trump Platinum Card ham yo‘lga qo‘yiladi
Saytda yana bir qimmat variant – Trump Platinum Card ham tez orada taqdim etilishi aytilgan. Uning qiymati $5 mln. Ushbu kartaga ega bo‘ladigan chet elliklar yiliga 270 kungacha AQShda bo‘lib, AQShdan tashqarida olgan daromadlari uchun soliq to‘lamaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi 2027-yilgi Diversity Visa (Green Card) lotereyasi bo‘yicha tarqalgan yolg‘on ma’lumotlarni rad etgani haqida yozgan edi.