Bolgariya hukumati ommaviy noroziliklar fonida iste’foga chiqdi

eʼlon qilindi
Mamlakat bosh vaziri telemurojaat orqali e’lon qildi
Bolgariya hukumati ommaviy noroziliklar fonida iste’foga chiqdi / Foto: AP

Bolgariya hukumati bir necha haftadan buyon davom etayotgan norozilik namoyishlari ortidan iste’foga chiqdi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Bosh vazir Rozen Jelyazkov payshanba kuni iqtisodiy siyosat va korrupsiyaga qarshi kurashdagi sustkashlik bo‘yicha tanqidlarga sabab bo‘lgan ommaviy noroziliklar fonida hukumat iste’fosini e’lon qildi. U bu haqda parlament noishonchilik votumi bo‘yicha ovoz berishidan bir necha daqiqa oldin telemurojaat orqali ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Iste’fo Bolgariyaning 1-yanvardan yevrozonaga qo‘shilishidan biroz avval yuz berdi. Mamlakat bo‘ylab, jumladan, poytaxt Sofiyada o‘tkazilgan namoyishlarda minglab fuqarolar qatnashdi. Ular korrupsiyaning ildiziga yetilmagani va hukumatning bunga qarshi yetarli choralar ko‘rilmayotganidan norozilik bildirdi.

O‘tgan hafta hukumat namoyishlar ortidan 2026-yil uchun evroda tuzilgan ilk byudjet loyihasini qaytarib olgan edi. Norozilik ishtirokchilari ijtimoiy badallar va dividend solig‘ini oshirish rejalari davlat xarajatlarini ko‘paytirish bilan bog‘liq ekanini tanqid qildi.

Foto: Reuters

Prezident Rumen Radev ham hafta davomida hukumatni iste’foga chaqirdi. U parlamentga yo‘llagan murojaatida «xalq ovozini tinglash» zarurligini ta’kidladi. Konstitutsiyaga ko‘ra vakolatlari cheklangan prezident endi parlamentdagi partiyalarga yangi hukumat tuzishni taklif qiladi. Agar ular bunga muvaffaq bo‘lmasa, Radev vaqtinchalik hukumat tuzib, navbatdagi saylovlar o‘tkazilguniga qadar mamlakatni boshqaradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq YI 2027-yilgacha Rossiya gazidan to‘liq voz kechish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.

Shuningdek