
Disney OpenAI’ga $1 mlrd sarmoya kiritadi va startapga Sora AI video generatorida Star Wars, Pixar va Marvel brendlari personajlaridan foydalanishga ruxsat beradi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Shu orqali Sora va ChatGPT Images ilovalari kelasi yil boshidan boshlab Mickey Mouse, Cinderella va Mufasa kabi Disney personajlari bilan videolar yaratishi mumkin bo‘ladi. Shartnoma esa aktyorlarning qiyofasi va ovozlarini o‘z ichiga olmaydi.
Disney bosh direktori Bob Igerning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hamkorlik orqali kompaniya generativ SI yordamida hikoya qilish imkoniyatlarini mas’uliyat bilan kengaytiradi va ijodkorlar hamda ularning asarlarini himoya qiladi.
Kelishuv doirasida foydalanuvchilar yaratgan videolar tanlovi Disney+ platformasida strimingga chiqariladi. Bu esa qisqa videolarga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda platformaga qo‘shimcha foyda keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI Neptune startapini sotib olgani haqida xabar bergan edik.