
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tayotgan boks bo‘yicha Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 9 nafar a’zosi yarim final bosqichiga chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Chorak final bosqichining eng kutilmagan natijasi -92 kg vazn toifasida qayd etildi. Yosh bokschi To‘rabek Habibullayev kubalik afsonaviy sportchi, ikki karra Olimpiada va besh karra Jahon chempioni Xulio La Kruzga qarshi jang qildi va 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Shuningdek, -51 kg vazndagi Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov tojikistonlik raqibini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Umumiy hisobda chorak finalda qatnashgan 11 nafar bokschidan 9 nafari muvaffaqiyatga erishdi.

Abdumalik Halokov (-60 kg), Fazliddin Erkinboyev (-75 kg), Arman Maxanov (+92 kg) va Javohir Ummataliyev (-80 kg) o‘z raqiblarini 5:0 hisobida yengishdi. Asilbek Jalilov (-54 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-67 kg) va Xo‘janazar Nortojiyev (-57 kg) esa 4:1 hisobidagi g‘alaba bilan keyingi bosqichga o‘tishdi.
Afsuski Fazliddin Erkinboyev qo‘lidan olgan jarohati sababli Sabirjan Akkalikovga qarshi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bahs o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Amaldagi qoidaga ko‘ra, musobaqaning yarim final bosqichida ishtirok eta olmagan sportchilar avtomatik tarzda bronza medalini qo‘lga kiritadi. Shu sababli Erkinboyev ushbu musobaqaning bronza medali sohibiga aylandi.

Yarim final juftliklari va jang vaqtlari:
- 17:30 | -54 kg: Asilbek Jalilov — Vyacheslav Rogozin (Rossiya);
- 18:00 | -60 kg: Abdumalik Halokov — Artur Bazeyan (Armaniston);
- 18:30 | -67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev — Alehandru Paraschiv (Moldova);
- 20:00 | +92 kg: Arman Maxanov — Davit Chaloyan (Armaniston);
- 22:00 | -51 kg: Hasanboy Do‘smatov — Rudolf Garboyan (Armaniston);
- 22:45 | -57 kg: Xo‘janazar Nortojiyev — Xusravxon Rahimov (Tojikiston);
- 00:00 | -80 kg: Javohir Ummataliyev — Arlen Lopes Kardona (Kuba);
- 00:30 | -92 kg: To‘rabek Habibullayev — Alfonso Dominges (Ozarbayjon).
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shohjahon Ergashev Samarqandda kongolik bokschiga qarshi jang qilishi haqida xabar bergan edi.