Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi jamoaviy o‘yin orqali kurashishimiz mumkin — Fabio Kannavaro

11-dekabr 2025 13:31 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Deportes RCN nashriga bergan intervyusida mahalliy chempionatda intensivlik pastligini ta’kidladi.

Jahon chempionati qur’asi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va qit’alararo pley-off g‘olibi bilan bir guruhdan joy oldi. Kannavaro O‘zbekiston uchun bu tarixiy ilk mundial ekanligini, biroq ichki chempionat saviyasi jahon darajasidagi raqobatga dosh berishda qiyinchilik tug‘dirishi mumkinligini tan oldi.

«Mahalliy chempionatimiz birinchi darajali hisoblanmaydi, shu sababli o‘yinlarda intensivlik yuqori emas. Biz bu jihatni sekin-asta yaxshilab borishimiz kerak», — dedi murabbiy.

52 yoshli mutaxassis guruhdagi raqiblar, xususan, Nestor Lorenso boshchiligidagi Kolumbiya terma jamoasiga yuqori baho berdi. Uning fikricha, janubiy amerikaliklar kuch, texnika va yuqori intensivlikka ega bo‘lib, grand jamoalar qatoriga qaytgan. Kannavaro Portugaliya va Kolumbiya kabi yulduzli tarkibga ega jamoalarga qarshi individual kurash samarasiz bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

«G‘oya shundan iboratki, biz jamoa bo‘lib ishlashimiz kerak. Agar raqiblarga qarshi yakkama-yakka kurashga kirishsak, bizga juda qiyin bo‘ladi. Yagona yo‘l jamoaviy o‘yin ko‘rsatish», — deya qo‘shimcha qildi Fabio Kannavaro.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi imkoniyati baholangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek