Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Bugun, 11-dekabr kuni Markaziy bank (MB) asosiy stavkani o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil noyabr oyida yillik umumiy inflyatsiya 7,5 foizni, bazaviy inflyatsiya esa 6,3 foizni tashkil etdi.
Regulyator inflyatsiya prognozlarini ham yangiladi. Yil yakuniga mo‘ljallangan prognoz 7,3 foizga pasaytirildi. 2026-yilda esa inflyatsiya 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Iqtisodiyotda o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lib, yil yakunida 7–7,5 foiz iqtisodiy o‘sish prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, ba’zi xatarlar hamon saqlanib qolmoqda: oziq-ovqat taklifi, transport xarajatlari va tartibga solinadigan narxlar indeksatsiyasi inflyatsiyani oshirishi mumkin. Inflyatsiya pasayganiga qaramay, real foiz stavkalari yuqoriligicha qolmoqda va milliy valyutada jamg‘armalar ortib bormoqda.
Moliyaviy inklyuzivlik kengaygani sabab chakana kreditlash yuqori sur’atda davom etyapti. Bu kelgusida inflyatsion bosim kuchaytirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Shu bois pul-kredit sharoitlari qat’iy darajada ushlab turiladi va zarurat tug‘ilganda qayta ko‘rib chiqiladi.
Asosiy stavkani navbatdagi ko‘rib chiqish 2026-yil 28-yanvarga belgilandi.
Avvalroq regulyator 24-oktabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ham asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qilgandi.