Maryam Tillayeva bo‘lajak to‘yi tafsilotlarini ochiqladi — xarajatlar teng taqsimlanadi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillayeva bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Arnold bilan to‘y marosimini kelgusi yilning kuzida O‘zbekistonda o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tillayeva «Shurikning g‘aroyib sarguzashtlari» filmi premyerasida ma’lum qilgan.
Tillayeva to‘yga tayyorgarlik jarayoni qizg‘in ketayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xarajatlar kuyov bilan teng qoplanadi. Kuyov to‘y uchun $100 ming budjet ajratgan bo‘lsa-da, amaldagi xarajatlar allaqachon bu summadan oshib ketgan. Marosimga Valeriy Meladze, Leonid Agutin va Icegergert kabi san’atkorlarni taklif qilish rejalashtirilmoqda.
«Tan olaman, bunday pulni sarflashga ko‘zim qiymayapti, lekin men bloger va mashhur shaxs sifatida buni qilishim kerak», — deya qo‘shimcha qilgan Tillayeva.

Arnold Maryamdan uch yosh kichik bo‘lib, kiyim-kechak dizayni bilan shug‘ullanadi. Bu 26 yoshli bloger uchun ikkinchi turmush hisoblanadi. U avvalroq bloger Amiran Sardarov bilan oila qurgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Maryam Tillayeva ikkinchi marta turmushga chiqayotgani haqida xabar bergan edi.