O‘sha kun keldi: O‘zbekistonda metan «zapravkalar»ga vaqtincha cheklov joriy etildi

Qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida yuzaga kelgan texnik nosozlik sabab O‘zbekistonga import qilinayotgan tabiiy gaz hajmi qisqardi. Energetika vazirligi bu borada aholining ehtiyojini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, birinchi navbatda aholining xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlari — maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, oliy ta’lim muassasalari va issiqlik elektr stansiyalarini barqaror gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Gaz bosimi pasayishining oldini olish maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilmoqda. Vazirlikning ta’kidlashicha, bu majburiy va vaqtincha choralar bo‘lib, tizimdagi bosimni me’yorlashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qishda vodiydagi metan «zapravka»larga gaz ko‘chma konteynerlarda yetkazib berilishi haqida yozgandi.