Paragvay prezidenti Santyago Penya O‘zbekistonda qanday kutib olindi — video

Paragvay prezidenti Santyago Penya 11-dekabr kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan yetib keldi. Uni «Toshkent-Humo» xalqaro aeroportida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va boshqa rasmiylar kutib oldi.



Toshkentda o‘tadigan yuqori darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Paragvay o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, Paragvay bilan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm va sport sohalarida amaliy hamkorlikni kuchaytirish rejalashtirilgan.
Prezident Penya, shuningdek, Xalqaro avtomobil federatsiyasi Bosh assambleyasi va uning doirasidagi mukofotlash marosimida ishtirok etadi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 11 – 12-dekabr kunlari Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Turkmanistonga amaliy tashrif bilan borishi xabar qilingandi.
Tashrif doirasida Mirziyoyev Turkmanistonning doimiy betarafligi e’lon qilinganining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni va 2025-yilning «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi.