Prezident amaliy tashrif bilan Ashxobodga yetib bordi — foto

Shavkat Mirziyoyev 11-dekabr kuni amaliy tashrif bilan Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahriga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Poytaxt aeroportida davlatimiz rahbarini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari Xojamirat Geldimiradov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Shavkat Mirziyoyev Ashxobodga yetib kelganidan so‘ng Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari Turkmaniston yetakchisini doimiy betaraflikning o‘ttiz yilligi bilan samimiy tabrikladi va ushbu muhim voqeaga bag‘ishlangan ertangi xalqaro forum ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini, xususan, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham muhokama qildilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Paragvay JSTda bozorga kirish muzokaralarini yakunlagani haqida yozgan edik.





