Qirg‘izistonda pedofillarga o‘lim jazosi berish taklifi rad etildi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tomonidan bolalarni zo‘rlash va bu jinoyatlar ortidan sodir etilgan qotilliklar uchun o‘lim jazosini qayta tiklash haqidagi taklif rad etildi. Sud 10-dekabr kuni masalani ko‘rib chiqib, bunday o‘zgarish asosiy qonunga zid ekanini ma’lum qildi.
Sudning ta’kidlashicha, Konstitutsiya inson huquqlari va erkinliklarini eng oliy qadriyat sifatida belgilaydi. Shuning uchun fundamental huquqlarni cheklovchi yoki ularning kafolatlarini pasaytiradigan har qanday tuzatishlar konstitutsion tizimga zarar yetkazishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud o‘lim jazosini taqiqlash nafaqat huquqiy norma, balki muhim axloqiy tamoyil ekanini qayd etdi. Shuningdek, Qirg‘iziston xalqaro shartnomalar bilan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlardan ortga chekina olmasligi eslatib o‘tildi. Xususan, Vena konvensiyasiga ko‘ra, davlat ichki qonunlariga tayanib xalqaro kelishuvlarni bajarmaslikni oqlay olmaydi.
Sud xulosasiga ko‘ra, o‘lim jazosini Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish orqali qayta tiklash mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi va huquqiy jihatdan imkonsiz.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘lim jazosini qayta joriy etish bo‘yicha muhokamalarga izoh bergandi. Unga ko‘ra, bu masalada yakuniy qarorni xalq referendum orqali qabul qilishi mumkinligini aytgandi.