Qoraqalpoq o‘tovi YUNESKOning reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi

Qoraqalpoq o‘tovi YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
Qaror Hindiston poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan YUNESKO qo‘mitasining 20-sessiyasida bir ovozdan qabul qilindi. Ushbu nominatsiya O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan qo‘shma tarzda taqdim etilgan.




Qoraqalpoq o‘tovi («qora uy») o‘zining konstruksiyasi, naqshlari va xalqning turmush tarzini aks ettiruvchi ramzlari bilan qadrlanadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik kuchaygani natijasida mamlakatning ko‘plab nomoddiy meros elementlari ro‘yxatlarga kiritilmoqda.
Qoraqalpoq o‘tovining ro‘yxatga kiritilishi hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, sayyohlikni rivojlantirish va an’anaviy bilimlarni avlodlarga yetkazishda yangi imkoniyatlar yaratadi.
Avvalroq qo‘biz yasash va ijro etish san’ati rasmiy ravishda YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgandi. Qoraqalpog‘istonning boy madaniy merosi hisoblangan qo‘biz va jirav ijrochilik an’anasi so‘nggi yillarda ustalar kamaygani va yoshlar orasida yetarli qiziqish bo‘lmagani sabab xavf ostida qolayotgan edi.
Shu sabab YUNESKO O‘zbekiston Madaniyat vazirligi bilan birga ushbu merosni o‘rganish, hujjatlashtirish va targ‘ib qilish bo‘yicha ishlar olib bordi.