Turkiya kompaniyasi SamAuto’ning 75,2 foizlik davlat ulushini sotib oldi

«Samarqand avtomobil zavodi» MChJ QK (SamAuto) ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlari yakuniga yetdi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur ulushni Turkiyaning Anadolu Group tarkibidagi Anadolu Isuzu kompaniyasiga sotish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, investor davlat ulushi uchun $80 mln miqdorida to‘lovni amalga oshirishi, shuningdek, korxonani rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha $80 mlnlik investitsiya kiritishi belgilangan. Bu investitsiyalar loyihaning texnik-iqtisodiy baholashidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Bitimni amalga oshirish uchun Anadolu Isuzu Turkiya tartibga soluvchi organlaridan barcha zarur ruxsatlarni oldi. Joriy yilning 19-noyabr kuni oldi-sotdi shartnomasi imzolandi, 9-dekabr kuni esa $80 mlnlik to‘lov Davlat aktivlari agentligining Xususiylashtirish jamg‘armasiga kelib tushgan.
Shundan so‘ng jamg‘arma orqali 1 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar 10-dekabr kuni Respublika budjetiga o‘tkazildi.
Endi investorning majburiyatlari doirasida korxonaga kiritiladigan investitsiyalarni belgilovchi maxsus investitsiya shartnomasi rasmiylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan SamAuto’ning 75,2 foiz davlat ulushi 80 million dollarga sotilgani haqida yozgan edi.