
Professional boksning super yengil vazn toifasida IBF kamari uchun sobiq da’vogar Shohjahon Ergashev 20-dekabr kuni Samarqandda navbatdagi jangini o‘tkazadi. Bu haqda Olamsport xabar bermoqda.
Family Park majmuasida tashkil etiladigan oqshomning asosiy to‘qnashuvida Ergashevga kongolik Mardoche Kuvesa Katombe raqiblik qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 33 yoshli Shohjahon Ergashev faoliyati davomida 27 ta jang o‘tkazib, shulardan 25 tasida g‘alaba qozongan va ikki bor mag‘lubiyatga uchragan. Uning 32 yoshli raqibi hisobida esa 17 g‘alaba va 8 ta mag‘lubiyat mavjud.

O‘zbekistonlik bokschi so‘nggi bor shu yilning fevral oyida Farg‘onada ringga chiqqan edi. O‘shanda u ugandalik Junju Poverni birinchi raunddayoq texnik nokaut evaziga mag‘lub etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan IBF kamari uchun Shohjahon Ergashev Sabriel Matiasga imkoniyatni boy bergani haqida xabar bergan edi.