Surxondaryoda «Toza hudud» muassasasiga 12 ta yangi maxsus texnika topshirildi

Surxondaryoda chiqindilarni boshqarish xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida «Toza hudud» davlat muassasasiga 12 ta zamonaviy maxsus texnika topshirildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Ushbu texnikalar chiqindilarni to‘plash va olib chiqishga mo‘ljallangan bo‘lib, «SamAuto»da ishlab chiqarilgan va umumiy qiymati 2,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Yangi texnikalar Yevropa standartlariga mos va uzoq yillar xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bu orqali hududda sanitariya xizmatlari qamrovi 74% dan 86% gacha oshishi kutilmoqda.
Avvalroq 2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlari 50 foizga qisqartirilishi haqida xabar berilgandi. Shu vaqtgacha 47 ta poligon rekultivatsiya qilinib, 243 gektar yer tabiatga qaytarildi. Prezident mutasaddilarga qolgan poligonlarda «yashil belbog‘» yaratish va daraxt ekish ishlarini yakunlashni topshirdi. 2026-yildan bu ishlarga respublika budjetidan har yili kamida 150 milliard so‘m ajratiladi.