Talabalar uchun poyezd chiptalariga 50 foizlik chegirma beriladi

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun qishki ta’til davomida mahalliy yo‘nalishdagi poyezd qatnovlarida chegirmalar beriladi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, barcha mahalliy yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlarining to‘liq temir yo‘l hujjatlari narxidan 50% chegirma amalda bo‘ladi. Chegirma SV va VIP klass vagonlari hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlarga tatbiq etilmaydi. Chegirma 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvargacha amal qiladi.
Talabalar chiptalarni elektron tarzda eticket.railway.uz sayti yoki Android va iOS ilovalari orqali xarid qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways talabalarga 50 foizlik chegirma e’lon qilgan edi.