Toshkentda tadbirkordan pora olgan ikki soliq inspektoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkentning Olmazor tumanida ikki nafar soliq inspeksiyasi bosh inspektori tadbirkordan pora talab qilgani uchun ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ular oilaviy korxonada tekshiruv o‘tkazib, go‘yoki kam soliq to‘langanini bahona qilgan va jarima qo‘llamaslik evaziga 10 mln so‘m so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘tkazgan tadbirda inspektorlar pulni olayotgan paytda qo‘lga tushdi.
Ular yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Avvalroq Toshkent, Qashqadaryo va Buxoroda yer savdosiga doir firibgarliklar fosh etilgandi. Unga ko‘ra, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida unitar korxona yuristi, ilgari sudlangan shaxs, xaridorga Nurafshon shahrida parrandachilikka mo‘ljallangan, korxonaga ajratilgan 90 sotix bo‘sh yer maydonini $250 mingga sotmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, u tanishlari orqali mazkur yerda kottejlar qurilishiga ruxsat olib berishini aytib, buning uchun qo‘shimcha $30 ming talab qilgan.