
Dongfeng Voyah brendi tomonidan 10-dekabr kuni Xitoyda yangi Voyah Passion L avtomobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Modelning boshlang‘ich narxi $39 mingni tashkil etadi. Passion L 800V platformasi, kuchli gibrid tizimi, Huawei’ning Qiankun ADS 4.0 avtopilot texnologiyasi va 1 400 km umumiy masofasi bilan e’tiborni tortmoqda.

Sedan o‘rta-yirik sinfga mansub bo‘lib, uning o‘lchamlari 5125×1985×1522 mm, g‘ildirak bazasi 3010 mm, og‘irligi esa 2,37 tonnani tashkil etadi. Tashqi ko‘rinish oltita rangda taqdim etilgan. Korpusda alyuminiy shassi, old ikki tayanchli osma va orqa besh bog‘lamli mustaqil osma qo‘llanilgan. Havo yostiqli osma tizimi, balandligi sozlanadigan amortizatorlar va 10 darajali orqa g‘ildiraklarni burilish tizimi avtomobilning boshqaruvini yanada aniq qiladi.

Avtopilot tizimi 29 ta sensor bilan ishlaydi. Ularning ichida 192-kanalli LIDAR, 4D radarlar, kameralar va ultratovush datchiklari mavjud. Bu kuchli sensor to‘plami avtomobilga keng ko‘lamli kuzatuv imkonini beradi va Huawei’ning ADS 4.0 tizimi bilan birga yuqori aniqlikdagi avtonom boshqaruvni ta’minlaydi.
Voyah Passion L gibrid tizimi 1,5 litrli turbomotor va old-orqa elektr motorlaridan kuch oladi. Dvigatel 141 ot kuchi ishlab chiqaradi, elektr motorlar esa umumiy quvvatni 650 ot kuchiga yaqinlashtiradi. Yonilg‘i baki 51 litrli. 63 kVt·soat sig‘imli litiy batareya to‘liq quvvatda 410 km elektr masofa beradi, to‘liq benzin va batareya bilan esa avtomobil 1 400 km masofani bosib o‘tadi. 5C quvvatlash texnologiyasi yordamida batareyani 20 foizdan 80 foizga 12 daqiqada to‘ldirish mumkin.

Salon qismining dizayni charm va yog‘och bezaklar bilan boyitilgan. Markazda 16,1 dyuymli 3K ekran joylashgan bo‘lib, u Huawei HarmonySpace 5 tizimida ishlaydi. Raqamli asboblar paneli 10,25 dyuymli, AR-HUD esa 39 dyuymgacha proyeksiya beradi. Markaziy konsol ostida -6 dan 50 darajagacha ishlaydigan 6,6 litrli kichik sovutkich o‘rnatilgan. Orqa o‘rindiqlarda esa 8 dyuymli ekran mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 516 ot kuchga ega Voyah Passion L 10-dekabrda taqdim etilishi haqida yozgan edi.