
Great Wall Motors kompaniyasi Xitoy bozorida Haval H9 Off-Road Edition versiyasini e’lon qildi. Yangi yo‘ltanlamasning narxi $36 ming tashkil etadi.
Model og‘ir yo‘l sharoitlari uchun maxsus ishlab chiqilgan. Tashqi ko‘rinishda H9’ning an’anaviy dizayni saqlangan bo‘lsa-da, yangi versiya yanada dag‘al va amaliy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Yirik gorizontal panjaralar, yangilangan faralar, kengaygan o‘lchamlar va yaxshilangan off-road burchaklari uning qiyin hududlarga mosligini oshirgan.
Avtomobilning uzunligi 5070 mm, kengligi 1976 mm, balandligi 1960 mm, g‘ildirak bazasi esa 2850 mm. Klirens 235 mm ga yetkazilgan — bu avvalgidan 11 mm ko‘proq. Kirish burchagi 31 darajadan 33 darajaga, chiqish burchagi esa 26 darajaga oshirilgan.

Eng muhim yangiliklardan biri — ikki yonilg‘i baki. Ulardan biri 78 litr, ikkinchisi 53 litr bo‘lib, umumiy sig‘im 131 litrni tashkil etadi. Kengaytirilgan yoqilg‘i tizimi avtomobilga CLTC sikliga ko‘ra 1400 km masofa bosib o‘tish imkonini beradi.
Salon qora va jigarrang ranglarda bezatilgan va H9’ning odatiy ichki dizayniga mos keladi. 10,25 dyuymli raqamli panel, 14,6 dyuymli markaziy sensorli ekran, ventilyatsiya va isitish funksiyali old o‘rindiqlar, ikkinchi darajali haydovchi assistentlari kabi imkoniyatlar mavjud.
Kaput ostida 2,4 litrli dizel dvigatel joylashgan. Uning quvvati 186 ot kuchi, aylanish momenti 490 Nmni tashkil qiladi. Dvigatel 9 pog‘onali avtomat uzatma va to‘liq uzatma tizimi bilan ishlaydi. Yana bir muhim ustunlik — old va orqa differensiallarni bloklash imkoniyati.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Haval H6L modeli rasman bozorga chiqarilgani haqida yozgan edi.