
UEFA Chempionlar ligasining 6-turi doirasida «Manchester Siti» safarda «Real Madrid»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. «Santyago Bernabeu» stadionida kechgan uchrashuvda mehmonlar hisobda ortda borayotib, yakunda g‘alabani ilib ketdi.
Uchrashuvdagi hisobni 28-daqiqada Jud Bellingemning uzatmasidan so‘ng madridliklar hujumchisi Rodrigo ochdi. Oradan yetti daqiqa o‘tib, 35-daqiqada Niko Orayli gol kiritdi va muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘lim yakunida, 43-daqiqada Antonio Ryudiger o‘z jarima maydonchasida qoidani buzgani uchun belgilangan penaltini Erling Holand aniq amalga oshirib, jamoasini oldinga olib chiqdi.
O‘yin keskin kurashlarga boy bo‘ldi: 11-daqiqadayoq Fil Foden sariq kartochka oldi. Uchrashuv davomida Niko Orayli, Antonio Ryudiger, Rodrigo va Alvaro Karreras ham ogohlantirildi. 82-daqiqada «Siti» ustozi Pep Gvardiolaga ham hakam tomonidan sariq kartochka ko‘rsatildi. Mazkur g‘alaba ingliz klubining turnir jadvalidagi mavqeini mustahkamladi. Abduqodir Husanov esa bu safar ham zaxirada qoldirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» 15-turda «Sanderlend» ustidan yirik g‘alabaga erishgani haqida xabar bergan edi.
