Yangiliklar

2026-yildan Termiz shahridagi avtobuslarda naqd pulsiz to‘lov joriy etiladi

Avtobuslarda naqd pul bilan yo‘l haqi 3000 so‘m, elektron esa 2000 so‘m bo‘ladi
2026-yildan Termiz shahridagi avtobuslarda naqd pulsiz to‘lov joriy etiladi / Foto: Hafiza Muxtorova / Kursiv Uzbekistan

Termiz shahrida jamoat transporti tizimini zamonaviylashtirish va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida elektron to‘lov tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, avtobuslarda naqd pul bilan yo‘l haqi 3000 so‘m etib belgilanadi. Elektron to‘lov orqali esa yo‘l haqi 2000 so‘m bo‘ladi. Bunda yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar bepul qatnaydi. 20 kg gacha bo‘lgan qo‘l yuki uchun to‘lov olinmaydi, belgilangan me’yordan ortiq yuk uchun 4000 so‘m to‘lanadi.

Elektron to‘lov tizimi birinchi bosqichda 2026-yil 3-yanvardan B-3, B-4, B-7, ShI-1, ShI-3, ShI-5, ShI-7, ShI-8 va ShI-15 yo‘nalishlarida ishga tushiriladi. Ikkinchi bosqichda esa 2026-yil 1-apreldan ushbu yo‘nalishlarda yo‘l haqi faqat elektron to‘lov orqali amalga oshiriladi.

Avvalroq Toshkentda 20 mingga yaqin yo‘lovchilar avtobusda yo‘l haqini to‘lamagani aniqlangandi. Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida jamoat transportida kuchaytirilgan nazorat reydlari boshlandi. Endilikda nazoratchi va inspektorlar yo‘lovchilarning yo‘l haqi to‘langanini joyida tekshiradi. Yo‘lovchilar bir martalik QR-chiptalarni safar davomida o‘zlarida saqlab, talab qilinganda taqdim etishlari shart.