Chiqindidan qarzi bor 205 ming abonentning elektr to‘lovi cheklandi

eʼlon qilindi
Ogohlantirishlardan so‘ng aholi tomonidan 9,4 mlrd so‘m qoplandi
Foto: Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 6-dekabr holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 204 895 nafar abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatini vaqtincha chekladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Cheklov qo‘yilishidan avval 20,1 mlrd so‘m qarzi bo‘lgan 231 mingdan ortiq abonent «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning qisqa raqami orqali SMS-xabarnoma olgan va ularga qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun muhlat berilgan. Ushbu davr mobaynida 9,4 mlrd so‘mlik to‘lovlar amalga oshirilgan. Hozirgi vaqtda chiqindi xizmatlari bo‘yicha umumiy debitor qarzdorlik 18,2 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Foto: Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi

Ushbu tartib 1044-sonli Qonunga asosan, 2025-yil 1-iyuldan keyin yuzaga kelgan qarzdorliklarga nisbatan joriy yilning 5-noyabridan boshlab tatbiq etilmoqda. Tizim «Toza makon» va elektr energiyasi billing tizimlari integratsiyasi asosida ishlaydi.

Qarzdorlik to‘liq bartaraf etilgach, elektr energiyasi uchun to‘lov imkoniyati avtomatik ravishda tiklanadi. Shuningdek, 2026-yilning 1-yanvaridan boshlab chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn shaklda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlari 50 foizga qisqartirilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek