
O‘zbekistonda 12-dekabrdan boshlab bir qancha dori vositalari faqat retsept asosida berilishi belgilandi. Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilandi. «Kursiv» vaziyatni atroflicha o‘rgandi: Toshkentdagi bir nechta dorixonalarda bo‘ldi, aholi bilan suhbatlashdi.
Bu tartib nega kerak?
Kursiv Uzbekistan muxbiri Toshkentdagi bir nechta dorixonalardan «Enam» dorisini retseptsiz sotib ola olmadi. Bundan ko‘rish mumkinki, yangi tartib poytaxtda yaxshi ishlamoqda.
Tahririyat bilan suhbatda bo‘lgan dori sotuvchisiga ko‘ra, bu tartib o‘zboshimchalik bilan dori qabulini cheklashiga yordam beradi.
«Men sizga «Tylol Hot» sota olaman, ammo «Nimesil» sota olmayman. Nega? Chunki «Tylol Hot» retseptsiz beriladi, «Nimesil» yorlig‘iga esa shifokor retsepti bilan degan yozuv bor», – dedi farmatsevt.
Har bir dorining foydalanish yo‘riqnomasi bilan tanishish lozim. Unda sotilish tartibi ham belgilangan. Shifokor sizga dori retseptini berayotganda tushuntiradi: qaysi dorini qanday dozada qabul qilish kerak.

Odamlar nima deydi?
«Kursiv» bilan suhbatda bo‘lgan toshkentlik Robiya Mahmudova jarayon ogohlantirilmasdan amalga oshirilganini aytdi.
«Men og‘riq uchun “Ketonal» ichaman. Oddiylari ta’sir qilmaydi. U dorini esa sotishmayapti. Dorilar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqsh kerakmikin”, – deydi u.
Shifokor retsepti bilan beriladigan dorilar ro‘yxatini ushbu havolada o‘qing.
Hukumat qanday chora ko‘rmoqda?
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga, ushbu platforma amaliyotga to‘liq joriy etilgunga qadar esa Sog‘liqni saqlash vazirligining «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimiga integratsiya asosida ulanishi shart etib belgilanadi.
Bunda «Elektron poliklinika», «Elektron shifoxona», «Elektron tibbiy karta» va «Elektron retsept» modullari orqali belgilangan ma’lumotlar real vaqt rejimida almashinuvi ta’minlanadi.
Elektron retsept va dori vositalarini rasmiylashtirish tartibi qanday
Elektron retsept asosida beriladigan dori vositalari uchun to‘lov bemor yoki uning qonuniy vakili tomonidan amalga oshiriladi. Bundan faqat reimbursatsiya dasturi orqali beriladigan dori vositalari mustasno bo‘lib, ular uchun to‘lov davlat tomonidan qoplanadi.
Elektron retsept quyidagi majburiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak:
- tibbiyot tashkilotining nomi;
- tibbiyot tashkiloti litsenziyasining tartib raqami, berilgan sanasi, amal qilish muddati va STIR raqami (nodavlat tibbiyot muassasalari uchun);
- elektron retsept raqami va tuzilgan sana;
- bemorning JShShIR raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan sanasi;
- XKTga muvofiq qo‘yilgan tashxis;
- dori vositasining XPN yoki original nomi, uning tayyorlash shakli, kunlik dozasi, qabul qilish vaqti, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davolanish kursining davomiyligi va dori vositasi raqami (retsept raqamiga bog‘langan holda);
- shifokorning familiyasi, ismi, otasining ismi va telefon raqami.
Kursiv Uzbekistan kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni boshqa qadoqda dorixonaga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qamoqqa olingani haqida yozgan edi.