Hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi — SSV elektron retsept bo‘yicha bayonot berdi

So‘nggi kunlarda elektron retsept tizimini joriy etish masalasi keng muhokama qilinmoqda. Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha tushuntirish va aniqliklar kiritdi.
Vazirlikka ko‘ra, elektron retsept tizimining asosiy maqsadi davolash xavfsizligini oshirish, bemorlar salomatligini himoya qilish va shifokorlarning dori tayinlashdagi mas’uliyatini kuchaytirishdan iborat. Shuningdek, dori vositalarini tayinlash jarayonini tartibga solish, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli hisobga o‘tish hamda kontrafakt va noto‘g‘ri qo‘llanilayotgan dorilar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Hozirda elektron retsept tizimi Toshkent shahri va 15 ta tumanda joriy etilmoqda. Tizimni butun respublika bo‘ylab kengaytirish 2026-yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu jarayon dastlabki natijalarni tahlil qilish, tashkiliy va texnik muammolarni aniqlash hamda to‘liq joriy etishdan oldin tizimni takomillashtirishga qaratilgan.
Vazirlik fuqarolarning xavotirini tushungan holda, favqulodda holatlarda, bolalar, keksalar va surunkali kasallikka chalingan bemorlar zarur dori vositalarisiz qolmasligini ta’kidladi. Ushbu toifadagi bemorlar alohida nazoratga olinadi.
Toshkent shahri va tajriba hududlaridagi dorixonalarda yuzaga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun maxsus @ssv_pilotbot ishga tushirilgan bo‘lib, ushbu murojaatlar ustuvor tartibda ko‘rib chiqiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron retsept tizimini joriy etish jarayoni haqida jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 12-dekabrdan boshlab bir qancha dori vositalari faqat retsept asosida berilishi belgilandi. «Kursiv» vaziyatni atroflicha o‘rgandi: Toshkentdagi bir nechta dorixonalarda bo‘ldi, aholi bilan suhbatlashdi. Tahririyat bilan suhbatda bo‘lgan dori sotuvchisiga ko‘ra, bu tartib o‘zboshimchalik bilan dori qabulini cheklashiga yordam beradi.
«Kursiv» bilan suhbatda bo‘lgan toshkentlik Robiya Mahmudova esa jarayon ogohlantirilmasdan amalga oshirilganini aytdi.
«Men og‘riq uchun «Ketonal» ichaman. Oddiylari ta’sir qilmaydi. U dorini esa sotishmayapti. Dorilar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish kerakmikin», — deydi u.
Shifokor retsepti bilan beriladigan dorilar ro‘yxatini ushbu havolada o‘qing.