
Apple ilk bukiladigan smartfoni iPhone Fold’ni 2026-yilda iPhone 18 seriyasi bilan birga taqdim etishi mumkin. Tom’s Guide nashri mazkur smartfon haqida ba’zi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, tahlilchilar iPhone Fold narxi taxminan $2 ming atrofida bo‘lishini kutmoqda. Bu Samsung Galaxy Z Fold 7 narxiga yaqin. Apple ilk bukiladigan iPhone’ni premium qurilma sifatida taqdim etishi ehtimoli yuqori.
Dizayn va materiallar
Ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone Fold tashqi ko‘rinishi jihatidan ikkita iPhone Air birlashtirilgandek bo‘lishi mumkin. Qurilma titanium va alyuminiy aralashmasidan yasalishi kutilmoqda. Ochilgan holatda u hozirgacha chiqarilgan eng yupqa iPhone bo‘lishi mumkin.
Displey imkoniyatlari
iPhone Fold katta ichki bukiladigan ekran va tashqi oddiy ekran bilan keladi. Ichki ekran o‘lchami taxminan 7,8 dyuym, tashqi ekran esa 5,5 dyuym bo‘lishi mumkin. Displey Samsung Display tomonidan yetkazib berilishi ehtimoli bor. Eng muhimi, bukilish izi deyarli bilinmasligi ustida ish olib borilayotgani aytilmoqda.
Kamera va xavfsizlik
Kamera borasida aniq ma’lumotlar yo‘q. Biroq Apple kameraga emas, dizayn va yupqalikka urg‘u berishi mumkin. Ichki ekranda displey osti kamera sinab ko‘rilayotgani ham aytilmoqda. Shuningdek, Touch ID qaytishi mumkin, Face ID esa keyinroq joriy etilishi ehtimoldan xoli emas.
Texnik xususiyatlar va batareya
iPhone Fold yangi A-seriyali protsessor, kamida 12 GB tezkor xotira va 256 GB doimiy xotira bilan chiqishi kutilmoqda. Batareya sig‘imi 5 000–5 500 mA·soat atrofida bo‘lishi mumkin. iOS 27 esa aynan bukiladigan qurilmalar uchun moslashtirilgan yangi interfeys bilan kelishi aytilmoqda.
Mutaxassislar Apple’ning bukiladigan iPhone butun segmentga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini kutmoqda. Raqobat kuchli bo‘lsa-da, iPhone Fold bozorda katta qiziqish uyg‘otishi va Apple’ni bukiladigan smartfonlar bozorida muhim o‘ringa olib chiqishi mumkin.
Avvalroq iPhone 18 ekranosti kamera bilan chiqishi mumkinligi xabar qilingandi. Gizmochina’ga ko‘ra, Apple ekran osti 3D texnologiyasini sinab ko‘rmoqda. Bu texnologiya yordamida Face ID elementlari ekranda ko‘rinmaydi.