Sport

«JCh – 2026» chiptalari narxining keskin oshishi muxlislar noroziligiga sabab bo‘ldi

Foto: BBC

2026-yilgi Jahon chempionati finali uchun chiptalar narxi minglab dollarga yetgani muxlislar guruhlari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. BBC xabariga ko‘ra, Yevropa futbol muxlislari tashkiloti narx siyosatini «tovlamachilik» deb atab, sotuvlarni darhol to‘xtatishga chaqirgan.

Nyu-Yorkdagi «MetLife» stadionida bo‘lib o‘tadigan final o‘yini uchun chiptalar uch toifaga ajratilgan. Eng arzon toifasi $4,1 ming, eng yuqori toifa esa $8,8 ming etib belgilangan. Taqqoslash uchun, 2022-yilda Qatarda o‘tgan musobaqada eng arzon chipta narxi $600 tashkil qilgan edi. Bolalar yoki boshqa ijtimoiy guruhlar uchun hech qanday imtiyozlar ko‘zda tutilmagan.

Avvalgi turnirlardan farqli o‘laroq, guruh bosqichi o‘yinlari uchun narxlar jamoalarning mashhurlik darajasiga qarab o‘zgaruvchan qilib belgilangan. Masalan, Angliya terma jamoasi muxlislari Shotlandiya muxlislariga qaraganda ko‘proq to‘lashi kutilmoqda. Angliyaning Xorvatiyaga qarshi o‘yini uchun chiptalar $265 bo‘lsa, Shotlandiyaning Gaiti bilan o‘yini $180 boshlanadi.

Agar muxlis o‘z jamoasining finalgacha bo‘lgan barcha sakkizta o‘yiniga kirishni istasa, eng arzon chiptalar uchun umumiy hisobda $7 ming sarflashiga to‘g‘ri keladi. Bu 2022-yilgi ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan shaharlarda mehmonxonalar narxi o‘rtacha 300 foizdan ko‘proqqa oshgani haqida xabar bergan edi.