Kalkuttada Lionel Messiga haykal o‘rnatildi

Hindistonning Kalkutta shahrida argentinalik futbolchi Lionel Messining 21 metr balandlikdagi ulkan haykali o‘rnatildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Haykalni yasash jarayoni 27 kun davom etgan bo‘lib, unga 45 nafar ustadan iborat jamoa jalb qilingan. Tantanali ochilish marosimi 13-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining yozishicha, tadbirda Messi, shuningdek, Luis Suares va Rodrigo De Polning shaxsan ishtirok etishi kutilmoqda.
Tashrif buyuruvchilar nafaqat gigant haykalni tomosha qiladilar, balki Hola Messi nomli maxsus fanzonaga ham kirishlari mumkin bo‘ladi. Unda Messining taxtda o‘tirgan to‘liq hajmdagi haykali, shuningdek, uning Mayamidagi uyining rekonstruksiya qilingan interyeri namoyish etiladi.
«Messining o‘zi bu tayyorgarliklarni ko‘rsa, hayratdan lol qolardi. Kalkutta va butun Hindistonda unga bo‘lgan hurmatni ko‘rib, hayajondan ko‘zlarimga yosh keladi, lekin bu – quvonch yoshlari», — dedi Messining muxlislaridan biri Shiladitya Banerji.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lionel Messi kutilmaganda «Camp Nou»ga tashrif buyurgani haqida yozgandi.