
Dam olish kunlari uchun qaysi filmni tanlashga ikkilanayotganlar uchun Kursiv Uzbekistan turli janrdagi yangi premyeralarni jamladi. Ushbu tanlov sizga dam olish kunlarini mazmunli o‘tkazish va kayfiyatingizni ko‘tarish imkonini beradi.
«Qorbobo» («Снеговик»)
«Qorbobo» («Снеговик») joriy yilda premyera qilingan komediya, sarguzasht film hisoblanadi. Kartina qishki muhit, sehr va kulgili voqealar bilan boyitilgan bo‘lib, bolalar va kattalar uchun birdek qiziqarli syujetni taqdim etadi.
Asarda kutilmaganda jonlanib qolgan qor odam atrofida sodir bo‘ladigan qiziqarli va sarguzashtlarga boy voqealar hikoya qilinadi. Qahramonlar uni saqlab qolish, unga yordam berish va bir vaqtning o‘zida o‘z hayotlarini ham tartibga solish yo‘lida turli sinovlarga duch kelishadi. Syujet davomida do‘stlik, mehr-oqibat va mo‘jizalarga ishonch asosiy g‘oya sifatida ochib beriladi.
«G‘azab yo‘li» («Тропа гнева»)
«G‘azab yo‘li» («Тропа гнева») jangari rus filmi, unda keskin syujet va ruhiy qarama-qarshiliklar markazda turadi. Film voqealari sobiq chegarachi Sergey Markov atrofida rivojlanadi. U bedarak yo‘qolgan qizini topish umidida yoshlik yillari xizmat qilgan Tojikistonga qaytadi.
Qahramon qizini izlar ekan, oddiy tergovdan ko‘ra murakkabroq va deyarli mistik tus olgan voqealar zanjiriga duch keladi. Jinoyat, qasos va o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolar Markovni tinch qo‘ymaydi. U faqat tog‘larga, ya’ni o‘z hayotining boshi va eng og‘ir sinovlari o‘tgan joyga qaytish orqali bu jumboqlarga javob topishi va adolatni tiklashi mumkin bo‘ladi.
«Stich Xed» («Stitch Head»)
«Stich Xed» («Stitch Head») oilaviy multfilm. Unda voqealar sokin shahar yaqinidagi qadimiy qasrda kechadi. Bu yerda g‘alati va biroz aqldan ozgan professor turli dahshatli mavjudotlarni yaratadi, ammo u tezda yangi ijodlariga qiziqishini yo‘qotadi.
Yangi yaratilgan maxluqlarga g‘amxo‘rlik qilish vazifasi Stitch-Head zimmasiga tushadi. U professor yaratgan ilk mavjudot bo‘lib, qal’a va undagi barcha jonivorlarning mehribon qo‘riqchisi bo‘ladi. Stitch-Head eng vahshiy va qo‘rqinchli instinktlarni jilovlay olishi bilan ajralib turadi va shu bois u qasr tinchligining asosiy tayanchi hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Shogird» filmi haqida ma’lumot bergandi.


