«Kriptoqirol» Do Kvon 40 mlrd dollarlik firibgarlikda ayblanib 15 yilga qamaldi

Nyu-York federal sudi Terraform Labs asoschisi Do Kvonni $40 mlrdlik kriptovalyuta firibgarligi uchun 15 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
34 yoshli tadbirkor o‘zining TerraUSD va Luna loyihalari xavfsiz ekaniga investorlarni ishontirib, aslida yashirin moliyaviy in’eksiyalar orqali ushlab turilgan yirik firibgarlik sxemasini yaratganlikda ayblandi. Manxettenda bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudya Pol Engelmayer hukumatning 12 yillik qamoq jazosi so‘rovini asossiz, himoya tomonining 5 yillik iltimosini esa aqlga sig‘maydigan deb baholadi.
Kvonga maksimal 25 yillik jazo xavf solayotgan edi. Sudya bu ishni bir avlodga ta’sir qilgan epik ko‘lamdagi firibgarlik deb atadi va Kvon investorlar ustidan hokimiyatga ega bo‘lganini ta’kidladi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Terraform Labs inqirozi natijasida ko‘rilgan zarar FTX asoschisi Sem Benkman-Frid va OneCoin asoschisi Karl Sebastyan Grinvudning firibgarliklaridan ko‘ra kattaroq bo‘lgan. Jabrlanuvchilar sudda o‘z jamg‘armalaridan ayrilgani, xayriya fondlari bo‘shab qolgani, oilalar buzilib ketgani va hatto o‘z joniga qasd qilish holatlari haqida guvohlik berdi.
«Bu shunchaki qog‘ozdagi yo‘qotishlar emas, haqiqiy odamlar haqiqiy pullaridan ayrildi», — dedi sudya.
Do Kvon 2023-yil mart oyida Chernogoriyada soxta pasport bilan qo‘lga olingan va keyinchalik AQShga ekstraditsiya qilingan edi. U aybiga iqror bo‘lish kelishuvi doirasida 19 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Kvonning jazoni o‘z vatani Janubiy Koreyada o‘tash bo‘yicha iltimosi rad etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tailandda kiberfiribgarlardan 300 mln dollarlik mulk musodara qilingani haqida xabar bergan edi.