Banklar va moliya

Markaziy bank tijorat banklaridan insofsiz amaliyotlarni to‘xtatishni talab qildi

Tekshiruvlarda ayrim banklar iste’molchilarga noqulay va qonunchilikka zid shartlarni majburan qabul qildirish holatlariga yo‘l qo‘yayotgani aniqlangan
Markaziy bank tijorat banklaridan insofsiz amaliyotlarni to‘xtatishni talab qildi
Markaziy bank tijorat banklaridan insofsiz amaliyotlarni to‘xtatishni talab qildi / Foto: ijtimoiy tarmoq

Markaziy bank tijorat banklariga bank xizmatlari ko‘rsatishda adolatsiz va insofsiz amaliyotlarga chek qo‘yish bo‘yicha rasmiy talabnoma yubordi.

Regulyatorga ko‘ra, tekshiruvlar davomida ayrim banklar mobil ilovalarda iste’molchilarga noqulay va qonunchilikka zid shartlarni majburan qabul qildirish holatlariga yo‘l qo‘yayotgani aniqlangan.

Xususan, ba’zi banklar mijoz faqat bitta xizmatdan foydalanishni istagan bo‘lsa ham, «bosh oferta» orqali bir nechta xizmatlarga umumiy rozilik olish amaliyotini qo‘llab kelayotgani qayd etilgan. Natijada iste’molchi o‘zi tanlamagan va zarur bo‘lmagan xizmatlar shartlariga ham majburan rozi bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, kredit kartasi bo‘yicha qarzdorlik muddati o‘tganda kartani avtomatik bloklash va keyinchalik karta hisobiga tushgan mablag‘dan asoslanmagan komissiyalar undirish holatlari ham aniqlangan. Bu esa mijozning bank oldidagi majburiyatlarini bajarishini qiyinlashtiradi va nizo yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Markaziy bank bunday holatlarni adolat, halollik va oqilona yondashuv tamoyillariga zid, mazmunan insofsiz bank amaliyoti sifatida baholadi. Qonunchilikka ko‘ra, iste’molchini shartnoma predmetiga aloqador bo‘lmagan shartlarni qabul qilishga majburlash hamda ustun mavqeyini suiiste’mol qilish taqiqlanadi.

Shu munosabat bilan Markaziy bank tijorat banklaridan ofertalarni faqat tanlangan xizmat doirasida, aniq va oshkora taqdim etishni, ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilmaslikni hamda komissiyalarni belgilashda adolat va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilishni talab qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank Humans mobil ilovasi orqali olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Regulyatorga ko‘ra, 8-dekabr kuni ertalab fuqarolar Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar bildirgan. Shundan so‘ng Markaziy bank Octagram bilan bog‘lanib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida P2P operatsiyalarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.