Meksika Xitoy va boshqa davlatlarga qarshi 50 foizgacha boj joriy etadi

Meksika Senati mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida Xitoy va boshqa qator davlatlardan keltiriladigan tovarlarga 50 foizgacha boj kiritishni ma’qulladi. Yangi tartib 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirishi kutilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Bojlar ro‘yxatiga metallar, avtomobillar, kiyim-kechak va maishiy texnika kabi 1400 dan ortiq turdagi mahsulotlar kiritilgan. Bu choralar Meksika bilan erkin savdo kelishuviga ega bo‘lmagan davlatlar, jumladan, Xitoy, Tailand, Hindiston va Indoneziyaga nisbatan qo‘llaniladi. Meksika prezidenti Klaudiya Sheinbaum ushbu qaror ichki bozorni himoya qilish uchun zarur ekanligini ta’kidlagan.

Xitoy Tijorat vazirligi vakili mazkur choralar savdo hamkorlarining manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishini aytib, Meksikani qarorni «tuzatishga» chaqirdi. Vashington Xitoy kompaniyalari, xususan, BYD va MG kabi avtomobil ishlab chiqaruvchilari Meksikadan AQSh bojlarini chetlab o‘tish uchun foydalanayotganidan xavotir bildirgan edi.
Ushbu qaror Meksika va AQSh o‘rtasidagi keskin savdo muzokaralari fonida qabul qilindi. AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq Meksikadan po‘lat va alyuminiy importiga 50 foizlik boj kiritish, shuningdek, fentanil kontrabandasi va suv resurslari bo‘yicha kelishmovchiliklar sababli qo‘shimcha to‘lovlar joriy etish bilan tahdid qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh va Xitoy yangi savdo kelishuvining asosiy shartlarini kelishib olgani haqida xabar bergan edi.