Yangiliklar

Metan zapravkalar qaysi vaqt oralig‘ida ishlashi ma’lum qilindi

Toshkentda metan zapravkalar faoliyati soat 06:00 dan 23:00 gacha qilib belgilandi
Rasm SI yordamida sayqallangan

O‘zbekistonning bir qator hududlarida metan zapravkalar ish vaqtiga vaqtinchalik cheklovlar qo‘yildi. Bu haqda «Hududgaz» hududiy filiallari ma’lumot bermoqda.

Toshkentda metan zapravkalar faoliyati soat 06:00 dan 23:00 gacha qilib belgilandi. Aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida tabiiy gaz bosimi pasayishining oldini olish maqsadida respublika bo‘ylab metan zapravkalar ishiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilmoqda.

Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 78 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) uchun yangi tartib belgilandi. Endilikda ular soat 06:00 dan 23:00 gacha ishlaydi.

Rasmiylarga ko‘ra, ushbu chora gaz ta’minotidagi barqarorlikni ta’minlash va iste’mol hajmidagi yuklamani muvozanatlashtirishga qaratilgan.

Andijon viloyatida hokimlik bilan kelishilgan tartibga ko‘ra, 143 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ertalab soat 5:00 dan 17:00 gacha ishlaydi. Rasmiy axborotda bu chora vaqtinchalik ekani, gaz bosimini me’yoriga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar davom etayotgani aytilgan.

Navoiy viloyatida 51 ta metan zapravka soat 6:00 dan 19:00 gacha, Xorazm viloyatida esa 94 ta AGTKSh soat 5:00 dan 17:00 gacha faoliyat yuritadi.

Toshkent viloyatida ham viloyat hokimligi bilan kelishilgan holda viloyatda faoliyat ko‘rsatuvchi 117 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) faoliyati tongi soat 05:00 dan kechki soat 17:00 ga qadar etib belgilandi.

Avvalroq Energetika vazirligi metan zapravkalar ishiga cheklovlar kiritilishini tasdiqlagani haqida yozgan edik.