
Niderlandiyada talabalardan iborat jamoa arzon va har kim o‘zi ta’mirlashi mumkin bo‘lgan elektromobil yaratish mumkinligini namoyish qildi. Hatto avtomexanik tajribasi deyarli bo‘lmagan odam ham uni tuzata olishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu elektromobil ARIA deb nomlanadi. Bu nom Anyone repairs it anywhere, ya’ni har kim, har joyda ta’mirlashi mumkin degan ma’noni anglatadi. ARIA Eindhoven texnologiya universitetida yaratilgan o‘ninchi elektromobil prototipi hisoblanadi. Avvalgi loyihalar ekologik toza va uzoq xizmat qiladigan mashinalar yaratishga qaratilgandi.

ARIA’ning asosiy farqi uning modulli tuzilishida. Mashinaning batareyalari, kuzov panellari va elektron qismlari alohida modullardan iborat. Agar biror detal ishdan chiqsa, egasi uni servisga bormasdan, o‘zi almashtira oladi. Buning uchun maxsus asboblar va avtomobilga ulangan diagnostika ilovasi yetarli bo‘ladi.
Elektromobil maksimal 90 km tezlikka chiqadi va bir zaryad bilan 220 km masofani bosib o‘ta oladi. U oltita alohida va almashtiriladigan batareya moduliga ega bo‘lib, umumiy sig‘imi 12,96 kVt soatni tashkil etadi. Bu tizim faqat nosoz modulni almashtirish imkonini beradi, butun batareyani yangilashga hojat qolmaydi.
Loyiha mualliflari bunday yondashuv ta’mirlash xarajatlarini keskin kamaytirishini va avtomobilning xizmat muddatini uzaytirishini ta’kidlamoqda. Chunki hozirgi elektromobillarda katta batareya bloklari nosoz bo‘lsa, ularni to‘liq almashtirish talab etiladi va bu juda qimmatga tushadi.
ARIA hozircha faqat prototip bo‘lib qolmoqda va uni ommaviy ishlab chiqarish rejalashtirilmagan. Talabalar avtomobillar ham uzoq xizmat qiladigan va egasi tomonidan ta’mirlanadigan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Loyiha rahbari Tako Olmerning aytishicha, ARIA orqali ular Yevropa Ittifoqi va avtomobil sanoatiga barqaror va amaliy dizayn mumkinligini isbotlashni maqsad qilgan. Uning fikricha, bu yondashuv kelajakda elektromobillar ishlab chiqarishda muhim yo‘nalishga aylanishi mumkin.
Avvalroq Consumer Reports eng ishonchli avtomobil brendlari bo‘yicha yangi reytingini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, Subaru ketma-ket ikkinchi yil eng ishonchli avtomobil brendi deb topildi. Subaru Toyota va Hondani, hatto BMW va Porsche kabi premium brendlarni ham ortda qoldirdi.