O‘zbekiston va Pokiston charmsanoat sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Gujranvala shahriga tashrifi davomida Gujranvala charm-texnologiyalari instituti direktori Muhammad Ather Raza Zaidi bilan hamkorlik uchrashuvi o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik, terini qayta ishlash sohasida kadrlar tayyorlash va qisqa muddatli malaka kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston elchisi Pokistonga mamlakatimizda charm sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yirik investitsiya loyihalari va tadbirkorlik imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Mazkur sohada ish o‘rinlari ortayotgani va charmga ixtisoslashgan sanoat zonalari tashkil etilgani ta’kidlandi.
Institut rahbari O‘zbekiston tomoni bilan charm-terini qayta ishlash bo‘yicha yangi texnologiyalarni jalb etishga tayyorligini bildirdi. Muzokaralar yakunida Gujranvala charm-texnologiyalari instituti va «O‘zbekiston charmsanoat» uyushmasi o‘rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, Gujranvala charm-texnologiyalari instituti 1949-yilda Pokiston hukumati tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, charmga ishlov berish va poyabzal ishlab chiqarish texnologiyalari yo‘nalishlarida 1 yildan 4 yilgacha bo‘lgan kasbiy ta’lim kurslarini taklif qiladi. Hozirgi vaqtda muassasada 150 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, bitiruvchilarga Pokiston texnik ta’lim va kasbiy tayyorgarlik agentligi tomonidan sertifikat va diplom beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda «Yangi O‘zbekiston» massivi va bog‘i barpo etilishi haqida xabar bergan edik.