
O‘zbekiston xalqaro sanksiyalarga rioya qilgan holda Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ma’lum qildi.
Vazir kompaniya O‘zbekistonda 20 yildan ortiq vaqt davomida samarali ishlab kelayotganini qayd etib, har bir davlat o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib ish yuritishi zarurligini ta’kidladi.
«Hamma davlatlar o‘z milliy manfaatidan kelib chiqib ish tutishi kerak bo‘ladi va biz, albatta, shu narsadan kelib chiqqan holda xalqaro normalarga, sanksiyalarga to‘liq rioya qilib, AQSh Moliya vazirligi tizimidagi sanksiyalar joriy qiladigan tashkilot bilan birga ishlab turibmiz», – deydi Mirzamahmudov.
Vazir, shuningdek, AQSh tomonidan vazirlikka rasmiy xat yuborilganini aytdi. Unda umumiy litsenziya 2026-yil 17-yanvargacha uzaytirilgani va hamkorlikni davom ettirish mumkinligi bildirilgan.
«Albatta, o‘sha qat’iy rioya qilgan holda konsultatsiya davom ettirilyapti, buning uchun xalqaro yuristlar jalb qilingan. Endi o‘ylaymizki, o‘sha milliy manfaatimizdan kelib chiqib, xalqaro huquq talablaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston manfaatiga to‘g‘ri keladigan yechimni topish bo‘yicha ishlaymiz», – deydi u.
Avvalroq AQSh Moliya vazirligi «Lukoyl»ga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarning bir qismini vaqtincha bekor qilgani haqida xabar berilgandi. Qaror tufayli kompaniyaga tegishli Rossiya tashqarisidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari odatdagi faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Ruxsat 2026-yil 29-aprelgacha amal qiladi.