
Samarqandda havo ifloslanishi bo‘yicha 100 dan ortiq qonunbuzarlik aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Samarqand viloyatida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan ekologik nazorat tadbirlari kuchaytirildi. Xususan, 1 – 10-dekabr kunlari hududda maxsus ishchi guruhlar tomonidan kompleks nazorat reydlari o‘tkazildi.
Tekshiruvlar natijasida Samarqand viloyatida jami 101 ta ekologik qonunbuzarlik qayd etildi. Aniqlangan qonunbuzarliklar uchun umumiy hisobda 162 mln so‘m miqdorida jarimalar belgilandi.
Qo‘mita ekologiya sohasidagi nazorat tadbirlari hududlarda davom etayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Yashnobod tumanida joylashgan «Texnopark» MChJga tegishli cho‘yan quyish sexida o‘tkazilgan tekshiruv davomida chang-gaz tozalash uskunasi mavjudligi aniqlangandi. Uskuna belgilangan me’yorlardan ortiqcha ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga chiqarayotgan bo‘lgan. Korxona faoliyati bo‘yicha ekologik ekspertiza xulosasi ham olinmagan. Aniqlangan holat bo‘yicha korxona rahbariga belgilangan tartibda chora ko‘rildi va atmosfera havosini ifloslantirish bilan bog‘liq qo‘shimcha to‘lovlar hisoblandi.