Yangiliklar

O‘zaro hurmat eng ulug‘vor rejalarni hayotga tatbiq etish imkonini beradi — Mirziyoyev

2027-yilni Preventiv diplomatiya yili deb e’lon qilish rejalashtirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda o‘tkazilgan xalqaro forumda so‘zlagan nutqida betaraflik siyosatiga alohida to‘xtaldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezident nutqida Turkmanistonning betaraflik siyosati Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u Turkmanistonning BMT bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Davlat rahbari O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi raisligi davrida asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini mustahkamlash, davlatlar o‘rtasida ishonchni oshirish va muloqotni kuchaytirish bo‘yicha global harakatlarni ilgari surishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mojarolarni muzokaralar yo‘li bilan hal etishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2027-yilni Preventiv diplomatiya yili deb e’lon qilish rejalashtirilmoqda. Bu yil davomida konferensiyalar, forumlar hamda yoshlar va jamoatchilik almashinuv dasturlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident, shuningdek, Turkmanistonning «2025-yilni Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston BMT rezolyutsiyasining hammuallifi bo‘lganini eslatib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir milliard dollarga yetgani haqida yozgan edi.