Yangiliklar

SSV dorilar elektron retsept asosida berilishi bo‘yicha murojaatlarni o‘rganmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligida Elektron retsept tizimini joriy etish bo‘yicha doimiy ishchi guruh yig‘ilishi bo‘ldi
SSV dorilar elektron retsept asosida berilishi bo‘yicha murojaatlarni o‘rganmoqda
SSV dorilar elektron retsept asosida berilishi bo‘yicha murojaatlarni o‘rganmoqda / Foto: SVV

Joriy yilning 12-dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida Elektron retsept tizimini joriy etish bo‘yicha doimiy ishchi guruh yig‘ilishi bo‘ldi. Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, unda fuqarolar va tibbiyot xodimlaridan kelib tushgan murojaatlar muhokama qilingan.

Ishchi guruh tizim ishga tushirilgan dastlabki kunlardagi jarayonlarni tahlil qilmoqda. Xususan, poliklinikalarga tushayotgan yuklama, dori vositalarini berish tartibi va raqamli xizmatlar barqarorligiga baho berilmoqda.

Vazirlik ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda yig‘ilish yakunlari asosida Elektron retsept tizimi yuzasidan jamoatchilikni qiziqtirgan muhim savollarga dastlabki rasmiy javoblar e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 12-dekabrdan boshlab bir qancha dori vositalari faqat retsept asosida berilishi belgilandi. «Kursiv» vaziyatni atroflicha o‘rgandi: Toshkentdagi bir nechta dorixonalarda bo‘ldi, aholi bilan suhbatlashdi. Tahririyat bilan suhbatda bo‘lgan dori sotuvchisiga ko‘ra, bu tartib o‘zboshimchalik bilan dori qabulini cheklashiga yordam beradi.

«Kursiv» bilan suhbatda bo‘lgan toshkentlik Robiya Mahmudova esa jarayon ogohlantirilmasdan amalga oshirilganini aytdi.

«Men og‘riq uchun «Ketonal» ichaman. Oddiylari ta’sir qilmaydi. U dorini esa sotishmayapti. Dorilar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish kerakmikin», – deydi u.

Shifokor retsepti bilan beriladigan dorilar ro‘yxatini ushbu havolada o‘qing.