
Time jurnali 2025-yilgi «Yil odami» mukofotini sun’iy intellektni loyihalagan va yaratgan sakkiz nafar shaxsga berdi. Bosh muharrir Sem Jeykobsning so‘zlariga ko‘ra, ushbu SI «arxitektorlari» zamonaviy texnologiyalar yordamida fikrlaydigan mashinalar davrini yaratgan va dunyoga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Muqovada Nvidia bosh direktori Jensen Huang, xAI asoschisi Ilon Mask, Anthropic bosh direktori Dario Amodei, AMD bosh direktori Lisa Su, Meta bosh direktori Mark Zuckerberg, DeepMind Technologies bosh direktori Demis Hassabis, Stanford universiteti AI instituti hamkor direktori va World Labs bosh direktori Fei-Fei Li hamda OpenAI bosh direktori Sem Altman tasvirlangan.

Jurnalda sun’iy intellektning dunyoni qanday o‘zgartirgani va ayrim xavfli yo‘llari yoritilgan. Jumladan, Kaliforniyada 16 yoshli yoshning o‘z joniga qasd qilgani va ota-onasining ChatGPT ishlab chiqaruvchisi OpenAIga qarshi da’vo arizasi misolida SIning muammoli jihatlari ham yoritilgan.
Time jurnali SI firmalari bilan hamkorlik qilib, kontent litsenziyalash va yangi vositalar yaratish ustida ishlamoqda. 2024-yil iyunida Time va OpenAI o‘rtasida ko‘p yillik kontent bitimi imzolangan. Bu orqali ChatGPT ishlab chiqaruvchisi Time arxividagi yangiliklarga kirish imkoniga ega bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, jurnal har yili «Yili odami»ni tanlab keladi. Mukofot 1927-yildan buyon ko‘plab dunyo liderlari va madaniyat shaxslariga berilib kelinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Time jurnalining 2024-yilgi «Yili odami» mukofotiga Donald Tramp sazovor bo‘lgan edi.